понедельник, 7 марта 2016 г.

IJOD UFQLARI

ADIBA ISOQOVA — betakror ijodkor, pokiza hislar kuychisi, uning satrlarida beixtiyor his etganingiz — samimiyatdir. O'qiganingiz sari dardni, sog'inch hamda ishqning og'riqlarini, quvonch-shodliklarini o'zgacha bo'yoqlarda ko'rasiz. Qalb daftarida bitilgan hissiyotlar ifodasi tarannum topgan she'rlar:

Bevafoga…
Diydor onlaridan izlamang meni
Bosh olib ketganman Ayriliq tomon.
Yetim muhabbatdan ko’zlaysiz neni?!
Baxtni kutgan dilning mehmoni Armon.

Shodlik bog’larini alishdim netay?
Qayg’uning xazonrez shamollariga
Sizsiz o’zgalardan qay mehr kutay?
Javobsiz qalbimning savollariga.

Bir vaqtlar siz uchun o’yinchoq bo’lgan
Shu mitti yurak ham aylandi toshga.
Xiyonatlar sabab alamga to’lgan
Hatto arzimaysiz oqqan ko’z yoshga.

Pokiza tuyg’uga yolg’on havasni ,
Yolg’on muhabbatni etgansiz tortiq.
Ko’nglingiz shamolda uchgan bir xasmi?
Asli sof sevgiga emassiz loyiq.

Ba’zan xotiralar bermasdan tutqich
Go’zal damlar tomon meni yetaklar.
Shunda beixtiyor qalbimda o’kinch-
Sizdek bevafoga o’qir la’natlar.

Unutmang bir kuni qaytar bu dunyo
Osmon deb o’ylamang ko’p qadringizni.
Baxt deb quchganingiz bo’lganda ro’yo
O’shanda izlaysiz Adibangizni…


Oq atirgullarga…
Menga sirdosh bo’ling, oq atirgullar
G’amlar,alamlardan kuydi bu ko’nglim.
Sizda mujassamdir nozik tuyg’ular
Siz mening beg’ubor, farishta singlim.

Oppoq tilak misol ohangrabodek,
Chorlang chamanzorga men-ojizani.
G’unchalar ochilsa –gul kahrabodek,
Ko’rib lol qolayin bu mo’jizani.

Omad nishonisiz, chin poklik ramzi
Sizni ko’rgan dilning ketar g’ubori
Gullar orasidan saralab olgan-
Siz ko’ksimda yongan baxtning tumori!

Qalb daftari
Ikki dilning shu bugun
Qalb daftari yopildi
Bilmadim nima uchun
U olovga otildi?!

Daftardagi izhorlar
Lahzada bir hovuch kul.
Endi qaytmas bahorlar
Qalbni tark etar butkul.

Shirin xotiralar ham
Aylanadi ertakka
Qalblardagi lahcha cho’g’
Azob berar yurakka

Shumi otash muhabbat?!
Nahot eltar sarobga
Yongan  qalb rozi endi
Armonli iztirobga.

Ko’zdagi oqqan yoshlar
Olovni o’chirsaydi.
Ey voh,mungli qarashlar
Zora U kechirsaydi…


Asl haqiqat
Bilaman ranjigan qog’ozlar- oppoq
Mendek bir notavon shoirdan o’ksib
Hatto qalam yurak so’ziga mushtoq
Stolim ustida turar mung’ayib

Osuda tunlarning ajib sehrini
Sezmabman yoqimli boqishlaridan
Ko’kdan g’oyibona oyning mehrini
Anglamabman dunyo tashvishlaridan.

Eh,ado bo’lsin-a,dunyo g’amlari
Yakun topganmidi oldin yo keyin?!
Ilhom parilarin ko’zda namlari
Ko’ngilga suyanib qolgani tayin.

Ko’ngil der:”Hoy asli kitob jinnisi,
Ilm-fan bag’riga sho’ng’ibsan butkul.
Qog’oz qoralamay yursang ,to’g’risi
Meni, yuragingni bozorga sotgil!

Sendek dur,gavharni terguvchilar bor
Ular ranjitmaydi ko’ngil so’zlarin.
Berishar yurakka mehr,e’tibor
Sendek befarq tutmas aslo o’zlarin.

Hali sen dengizning bitta tomchisi
Millionlab zarradan durga aylangin.
Nazm ko’klamining bo’l darakchisi
Tiriklik baxsh etish uchun shaylangin”.

Oh ,sho’rlik ko’nglim ham og’ribdi mendan
Qog’oz,qalamlarni aytmasam bo’lar.
Mol-dunyoni talab etmaydi mendan
Ozgina vaqtimni qizg’onmasam gar.

Yana shoirlikka da’vo qilarman
To’rt misra so’zlarni juftlab gohida
So’z, ko’ngil qadrini yaxshi bilarman
Ular qimmatliroq mendan aslida!

Biroq yurak so’zim tushmasa oqqa
Parishon ahvolim ko’ngilga ayon.
Xayol  sokin bo’lar,kezmas har yoqqa
So’zlar marjon kabi terilsa har on.

Bas, endi bo’lmasman aslo men befarq
Asl dildoshlarim ekan yonimda.
Faqat hayot uchun urmasdan yurak
Menga sen keraksan ijod onimda!

Yuragimni…
Yuragimni o’z-o’ziga panoh bilgan
Armonlarning shamolida uchgan gulim.
Xayollarim ko’zgusidan zor tikilib,
 
O’z aksini  topolmagan hayron dilim.

Ko’ngillarning ardog’ida bo’lgan sevgi
Achchiq qismat oldida jim mung’ayadi.
 Yolg’izlikdan qo’rqqan yurak o’sha kundan
Ayriliqning makonida ulg’ayadi.

Ma’yusgina boqqanida charos ko’zlar
Bora alam-u g’uborlarni unutganday.
Baxtga loyiq muhabbatni tanho izlar
Xuddi Zaynab Otabekni zor kutganday.

Oqibatin ko’z-ko’z qilsa bevafolar
Sadoqatning ko’chasidan bir bor o’tmay
Yolg’onlarga to’lganida keng dunyolar
Ulug’lasa Vafo so’zin qadrin bilmay…

          Xokisorim, ko’nib turli sinovlarda
  Zor ko’nglim-a,sukunatga jim ko’nganim
 Oxiri yo’q jumboq to’la xayollarda
 Soddaginam bahoridan baxt kutganim.

Yuragimni o’z-o’ziga panoh bilgan
Shodliklarning tonglarida ungin gulim.
O’z bahoring xayollarga boshlab kelib
Baxtlar uchun quvon,yashna, kulgin dilim!

Muvashshah
Sog’indim…
Sarobga boshlamas muhabbat fasli,
Oshiqqa  buyuk  baxt diydordir asli,
G’amlardan  cho’chimas bu pokiza ishq
Intizor   nigohda   o’shal  yor  vasli.
Negadir  topmasa  ko’ngil  halovat,
  Diydorga tashna qalb bilmasa toqat,
Ishqning  qudratini  tan olsa  yurak
   Mehr ko’zlardagi sog’inchdir faqat…

Hayot
Gohida orzuning ortidan quvmay,
Yuksakni ko’zlaymiz kechib baridan.
Ko’ngil oynasining g’uborin yuvmay
Izlaymiz mehrni yurak qa’ridan.

O’tgan kun bebaho, xotira aziz
Shu boylik sababki bordek odamzot
Uning qadrini-da bilmasak,esiz
Butkul yo’qotadi ma’nosin hayot

Olisdan  xira cho’g’  bazo’r yonganda
Yolg’on-la chorlaydi o’ziga birpas.
Yaqindagi gavhar tosh ko’ringanda
Xuddiki qiymati oddiy, arzimas.

 To’g’ri yo’l oldida mashaqqat bisyor
Ulkan matonatdir asl tirgagi.
Biroq egri yo’ldan qaytmaymiz zinhor
Xuddiki xatoning bordek keragi.

O’zga gul-chechakdan aybni axtarib
Inson o’z bog’iga solmaydi nazar.
O’z gulin tikoni botganda yonib
Hech taskin topolmay dunyoni kezar.

Qanchadan-qancha bu savollar cheksiz
Javobin kutadi har fursat, har on.
Balki hayot qiyin,mashaqqat dersiz
Undan o’z sabog’in oladi  inson.


Комментариев нет:

Отправить комментарий