четверг, 24 декабря 2015 г.

IJOD UFQLARI


Oybek MAMATALIYEV — yuragi osmon yanglig' keng, ijodi serjilo yosh shoir. Uning satrlarida muhabbatning, insoniy hislarning tarannumi mujassam. Har bir misrasida his etganingiz sadoqatli yor, oshiq holati, ishqning og'riqlari, ishqning shukuhi aks etadi. 



So‘z   yo‘qmidi   o‘limdan  boshqa,
Yo‘q   edimi    o‘zga   bir     chora.
Na    o‘lib    na   yashay   olmaslik
Qismatimda   bordir     nachora!


Yashayapman    ruh   va   tan   ichra,
Qoq     ikkiga   bo‘lindi   yurak.
Birisini   tark   etgan   mahal,
Ikkinchisi    ranjisa   kerak.

Soyam   menga   qorishib    ketgan,
Kipriklarga   ilashgan   qorman.
Tiriklarni     kuzatib    chetdan,
Goh    ularning    safida    borman.

Men       shunchaki     nafas     olyapman,
Allaqachon   to‘xtagan    umrim.
Men    shunchaki    jonsiz    kimsaning-
Tirilmog‘in     kutayapman     jim.


Men      shunchaki…    qadam    tashlayman,
To‘xtab       bo’lgan     ko‘nglim    yurishdan.
Bechora     dil   omon   qaytmadi,
Sevgi   degan   buyuk  urushdan.

Men   shunchaki…    baxtli   yashayman,
Og‘riqlarni     sezmayman    endi?
Giyoh    o‘smas   cho‘lga   aylangan
Yuraklarda   kezmayman   endi.

Uyg‘otuvchi     azoblar    sari,
Sudrayverib    yuragim    tolmas.
Lek    sevgisi    cheksiz    odamni,
Tor    dunyolar   sig‘dira   olmas.

Garchi    umrim     keksaygani   yo‘q,
Dil   qaridi    ishqning   jangidan.
Yashayverdim…    umidvor    bo’lib
Hayotning   men   bilmas     rangidan.

Men    shunchaki… o‘laman   bir kun,
Bu   dillarga     nadomat   solmas.
Hasratlari      ulkan     odamni,
Mitti    dunyo    sig‘dira    olmas.

Oybek MAMATALIYEV

Комментариев нет:

Отправить комментарий