![]() |
Sirojiddin SHARIPOV — she’rlarida samimiyat, o‘zgacha hissiyotlar ufurib
turgan yosh shoir. She’riyatning tanish so‘qmoqlarida og‘riqlar, nafis tuyg‘ular,
mehr-muhabbat, oqibat tarannumi bilan band Sirojiddinning ijod namunalari bilan
quyida tanishamiz…
DO‘STLIK
Do‘st ko‘pligi ne uchun kerak,
Yoningda tog‘ bo‘lib turmasa.
Nomiga do‘st bo‘lmoq ne kerak,
Do‘stga do‘stlik qo‘lin cho‘zmasa.
Yaxshi kunda ketmas yoningdan,
To’y-bazmdami do’sting ko’pligi.
Yomon kunda, yo mahzun tongda,
Alam qilsa uning yo’qligi.
Yeti o’lchab birni kessalar,
Do’stlik torin dildan uzsalar.
Dushman bo’lib do’stim desalar,
Alam qilar riyokorligi.
Haqiqiy yo chin do’st bo’lsa u,
Yoningda do’st bo’lib yursa u,
Hol-ahvoling so’rab tursa u,
Bo’lar edi ko’ngil to’qligi,
Alam shunday do’sting yo’qligi.
* * *
G’am-g’ussaki, tanimdan yuldi umid shodasin,
Shum xabar ul dam mendan topdi o’z ifodasin.
Kim xastakim, yotsa tegar dardda oning jonig’a,
Istasa ham ul dam tabib, kelmas bemor yonig’a.
Tariqatda istaklari vojib bo’lmas gohida,
Fashi dastor, chu aylab yurib bo’lmas shoxida.
Bu sirni bilmoq-chun ofoq kezdim bir lahzaga,
Noilojki, bildim nechuk dilni solurmish larzaga.
Qo’llar uzun ersa ham, yetsa hamki tog’-cho’qqiga,
Qurbi yo’qdir lek, qayta jon baxsh etsa tan-ko’ksiga.
Men nochor qiynalardim, bovarsiz abgor tarzda,
Chun oyog’im yetmadi narvoni foniy arzda.
Ta’rifin oshkor aylagil, darding bitib, ey Siroj,
Aflok karam etmasa qo’nmasdi boshingga toj.
CHISTON
Nima ekan yuragimda jim,
Qalqib ketgan hayajon, titroq.
Koshonaga qadam qo’ysa kim,
Hayot zavqi, shavqidan ko’proq.
MUNAVVAR
O, netay, sog’inching qanchalar qiyin,
Xayollar og’ushi qiynaydi dilim.
Sog’insam…
Sog’insang…
Sog’inchlar shirin,
Munavvar! Ismingni takrorlar tilim.
Ayt! Qanday unutding?
Shuncha osonmi?
O’rgatgin menga ham. Unutay seni.
Nahot sevmoq mumkin…shunchaki, yolg’on
Va’da berib menga, kutgansan uni…
Bilmam. Baxtlidirsan ul yor bag’rida,
Men tanho o’rtandim hijron dardida.
Sog’inch azobi ham senga yot, balki,
O’t ishqim o’ldimu sening qalbingda?
To’ying kuni meni eslab yig’lab qo’y,
Qolgan yoshing to’kilsinlar quvonchdan.
G’arib sadoqatni tavof aylab qo’y,
Yoringga ishq ahdin qurgin ishonchdan.
Afsus, anglolmading nechuk sevganim,
Orzuga qo’l berib yaqin kelganim.
Sen bila olmading yonib-kuyganim,
Sensiz ishq bog’iga qadam qo’ymadim.
Oyning o’n besh kuni qorong’u ekan,
O’tkinchi hissiyot, ne tuyg’u ekan?
Munavvarlik qolmadi Siroj dilida,
Ishqsiz qalb sultoni dard, qayg’u ekan.
GULNORAM QANI
Chaman-chaman gullar ichinda,
Tanho gulim Gulnoram mani.
Go’zal, xushro’y, tengsiz husnda,
Ra’no gulim, gulnoram qani?!
Gulzor sari mahzun qarayman,
Gul barglarin dardga o’rayman.
Alloh, sendan yig’lab so’rayman,
Ko’nglim ohi – Gulnoram qani?!
Uzun tunlar nolon yig’layman,
Ko’z yoshimga xo’p ko’milgayman.
Gul atridan bo’ying izlayman,
Gulinoram, fig’onim manim…
—
Ahli zamon…
—
Ey ahli zamon,
Dilim vayron, yuragim giryon.
Bo’lsang rizo berardimku jon,
Ketding…Etib dilpora mani.
Undan ko’ra o’limni afzal
Ko’rar edim, ey umri azal.
Tikon yashar, g’unchalar o’sar,
Bag’ri qonlig’ gullolam qani?!
Yulduz bolalarga osmonim meni,
Olam orzulari armonim meni.
Ko’klamdagi xasta xazonim meni,
Jannatlarda o’sgan rayhonim meni!
Gulinoram meni, xumorim meni!!!

Комментариев нет:
Отправить комментарий