понедельник, 2 мая 2016 г.

IJOD UFQLARI

ABDUVALI KARIMOV fikri teran, tasvirlari tabiiy, tashbehlari beqiyos, ko'ngli kengliklarga dahldor shoir. Quyida uning ijodidan namunalar o'qiysiz...

Qaldirg‘och

Chug‘ur-chug‘ur qaldirg‘och,
To‘lar otam ayvoni.
Qo‘nganing shiftku yog‘och,
Sen onamning mehmoni.

Qanotida baxt ob shoshgan,
Mehr to‘la mitti joni.
Keng sahrolar, cho‘llar oshgan,
Kel, onamning mehmoni.

Qirlarim quch, dalam quch,
Bag‘ringda tinch osmoni.
Yiroqlama, pastlab uch,
Ey, onamning mehmoni.

Chug‘uringga to‘lsin uylar,
Jo‘r bo‘lsin har bolajoni.
Bag‘rin tutar ko‘cha-ko‘ylar,
Kel, ey xalqim mehmoni.

Bog‘larimdan xas ob uchgan,
Tilda tutib loyini.
Shu yurt, shu el deb qaytgan,
Tavof aylab joyini.

O‘zing aytgin, qaldirg‘och,
Bormi yurtning yomoni.
Unda nafs ko‘zlari och,
Sen tinchlikning mehmoni.

In qur, mayli, qaldirg‘ochim,
Manzur bo‘lsa el makoni.
Qo‘llarida uvoq tutgan,
Sen sinlimning mehmoni.

O‘zing asra qaldirg‘ochim,
Bor har yurtning iloni.
Ostonamni quchgan qushim,
Sen onamning mehmoni.

Qaldirg‘ochim, kelgin yana,
Ochiq o‘zbek ayvoni.
Oqibatni tutgan qushim,
Sen bolamning mehmoni.


Gilam

Hali ona o‘lmay turib,
Gilamiga tushdi kuya.
Tikib qo‘ydi uni burib,
Tiksa hamki, maylikuya…

Iplari ham so‘kilibdi,
Rangi o‘chibdi biroz.
Qo‘l ohori to‘kilibdi,
Yamoqdan oldi pardoz.

Gullari ham ajabmas,
Uzun, rangin yo‘llari.
Hanuz turar poygakda,
U onamning qo‘llari.

Bir paytlar onam kabi,
Suluv edi, xo‘b mayin.
Turar edi uy to‘rida,
Endi  joyi poygak tayin.

Shu poygakda tabarruk,
Balki, bor uning sehri.
Ne bo‘lsa ham odmi-suyuk,
Yo‘q, onam to‘kkan mehri.

Arziymanmi, qo‘yolsam bosh,
Mayli, changi, rangsiz dog‘i.
Unda ne zalvorli bardosh,
Yo‘q, u onam qo‘lin qadog‘i.

Kalavasi onamning qarao,
Sumbul sochi tolasi.
U umrin yoshligi aro,
Ota uyin tarki nolasi.

Kimlar uchun  yamoq sholcha,
Ha, chiqan tugab adosi.
Yo‘q, balki bilmasmiz shuncha,
U qadim san’at sadosi.

Yashirgim keladi gohi,
Aytar eskin kim osyapti.
Bu gilamda ko‘z qarog‘i,
Nevarasi oyoq bosyapti.

Qoli emas, qimmatbaho,
O‘zi oddiy, bir jun gilam.
Poygakdagi eski daho,
O‘xshaydi, unga onam.

Asrab qo‘ying kelinlar,
Siz ham onam bolasi.
Har dam qadrin bilinglar,
U yoshligim, ingroq nolasi…



Qoshing chimirma erkam

Chiroy ochibon ko‘zing,
Ajindan saqlab yuzing.
Qovog‘ing solib kam-kam,
Qoshing chimirma erkam.

Yozilibon yayrab kul,
Anbar sochibon bir gul.
Telefon tutib kam-kam,
Qoshing chimirma erkam.

Dunyo dema, g‘am dema,
Yolg‘onlab yolg‘on dema.
Ayyorlik etib kam-kam,
Qoshing chimirma erkam.


Sevgin, sevilib yasha,
Lekin etmay tomosha,
Soxtalik etib kam-kam,
Qoshing chimirma erkam.

Комментариев нет:

Отправить комментарий