понедельник, 2 мая 2016 г.

ATIRGULNING TIKONI...

 "Kechga yaqin chegaraga yaqinlashganlarida Nena Dakonte nikoh uzugi taqilgan barmog'idan hamon qon tomchilayotganini ko'rdi. Kigizrang yomg'irpo'sh kiygan ispan jandarmi karbid chirog'ini tutib ularning pasportini uzoq ko'zdan kechirdi. Pireney tog'laridan esayotgan kuchli shamol uni uchirib ketaman derdi..."

Nikoh barmog'idan tomchilayotgan qon, chegara va kigizrang yomg'irpo'sh kiygan ispan jandarmi hamda nihoyat Pireney tog'larining kuchli shamoli... Bular bir asar yozish uchun nechog'lik asosli manba deb o'ylaysiz. Meningcha esa, Gabriel Garsia Markesning "Atirgulning tikoni" novellasi boshlanishidagi bu uch gap bir-biriga bog'liq emas, bir-birini to'ldirmaydi, to'la izohlab bermaydi. Lekin...
Lekin, Markesning ijodi benihoya ajib, zero u holatni butkul boshqacha tasvirlaydi, shunday emasmi?! Bilganingiz "Yolg'izlikning yuz yili", "Oshkora qotillik qissasi" singari. To'g'ri, zinoga yo'g'rilgan muhabbat tasvirlari odamni bezdiradi, adabiyotni o'ldiradi, deb hisoblayman. Biroq, Markesning asarlaridagi telbalarcha hissiyotlarni olib tashlasa, asar nomukammal bo'lib qolganday tuyuladi. Nena Dakonte va Billi Sanchesning beg'ubor sevgisi ham bunday hislardan ayro emas, ammo novellada bu tuyg'ulardan — sevgidan ham, quvonchdan ham, visolga tashnalikdan ham shunchaki oddiy foydalanilgandek ko'rinadi. Hayotning o'zgacha haqiqatlari bo'y ko'rsata boradi. Asar yakunlana borarkan, ishonib bo'lmas sahnalarga ham to'la ishonasiz — to'rt soatdan beri to'xtamayotgan qonga ham, to'ylarida tabrik sifatida qabul qilingan atirgul tikanining unga bergan azobi xususida ham bosh qotirib o'tirmaysiz.
Barchaning havasini uyg'otgan yigirma besh ming funtlik Bentli mashinasi ham, qadimiy ustalar qo'lidan chiqqan olmos ko'zli nikoh uzugi ham ahamiyatsiz tuyula boshlaydi Sizga. Yo'l davomida ayoliga beparvo, o'yinqaroq, yosh Billidan asabiylashasiz, ozroq o'tib esa Parijda sargardon bo'lgan qahramon yigit Billi Sanchesga achina boshlaysiz, uni tushunishga tirishasiz.
So'zim avvalida aytganlarim qanchalik asarga bog'liq ekanini bilmoqchi bo'lsangiz, bor-yo'g'i to'rt-besh betlik novellani o'qib chiqing. Shunda "yakshanba kuni kechqurun, Billi Sanches o'z xonasida yuragi xun bo'lib yotgan paytda Nena Dakontening ota-onasi uning topilishidan umidlarini uzib, marhumaning mo'miyolangan jasadini rux tobutda Madridga olib ketilganining" sababini bilib olasiz.


Комментариев нет:

Отправить комментарий