понедельник, 25 января 2016 г.

IJOD UFQLARI


Sarvar TO‘LIBOYEV – yurakka beizn tashrif buyurgan ismsiz tuyg‘ularning nafis tarjimoni. She’rlarida alohida ta’kid etiladigan, faqatgina Sarvarga xos nafas seziladi. Uning teran qarashlari, samimiy izhorlari Surxon adabiyotida noyob iste’dodlar davomiy ekanligining izohi ekanligi, tabiiy. Quyida esa yosh shoirning ijodidan namunalar — mutolaa asnosida mulohaza etmoqlik Sizdan…


                     ***

She’rim!
Sendan o’zga  yo’qdir yupanchim.
Sen o’zing suyanchiq,
O’zingsan panoh.
Hatto boshlarimga yog’ilsa qamchin,
O’zing qalqon bo’lding,
Faryod chekib, oh!

Yig’lasam ro’molcha tutding qo’limga,
Xursand damlarimda
Hamdam, qadrdon.
Safarga otlansam
Tushib yo’limga,
Chanqasam suv bo’lding,
Dardimga darmon.

G’am cheksam- yupanchim,
Yiqilsam- aso.
Mumiyo bo’lding sen
Ko’ksim dog’iga.
Chiroyli qiz kabi qadamlar bosib,
Sekin kirib kelding
Qalbim bog’iga.

Sen yorug’ jahonim,
Sen – abri nayson.
Men uchun Madina,
O’zing -  Ka’bamsan.
Farishta go’dagim –tillari biyron,
O’zing gunohimsan,
O’zing tavbamsan!


                                               
         E’tiroz

G’alati xayollar qilar vasvasa...
Inson bo’lganiga pushaymon  bu jon.
Kafanin bichadi tutadi aza,
Tutundek burqsitib chekadi fig’on.

Bir parcha muz bo’lib erib ketsaydim,
Dunyoni kuydirsam misoli oftob.
Maysalar ostiga gilam bo’lsaydim,
Yashindek chaqnasam bir lahza shitob!

Bulutga aylansam, oppoq bulutga,
Qoyalar ko’ksimni tilsalar chok-chok.
Diydamdan tirqirab chiqqan ko’zyoshim
Yomg’irdek quyilsa misoli simob.

Cho’qqida muzlasam olmos qor kabi,
Mangu uyqu uchun yumsam ko’zimni.
Burgut qichqirig’i uyg’otib ketsa,
Xarsangga aylanib qolgan jismimni.

Kichik bir jilg’aga aylanib qolsam,
Sasimdan ochilsa ochunning ko’zi!
Olamni titratsam misli guldurak,
Silkinsa bu zamin unutib o’zni!

Toshqin daryo bo’lib shoshilib oqsam,
Atrofga bag’ishlab sehr va fusun.
Shabnamdek bog’larning labiga qo’nsam,
Daraxtlar o’qisa men uchun afsun.

Nega inson qilib yaratding meni,
Nega maysa emas, yo azim chinor?!
O, esiz tabiat, ayblab seni,
O’zimni tergayman: “Bu yerda ne bor?!”

Mayli, xazon bo’lay- yomg’irdan ivib,
Tuproqqa aylanib ketayin, mayli!
Qoldi-ku, dunyodan bu ko’nglim sovib,
Insonni yemirgan fitna tufayli!

                                     

         Sog’inch

Kuz...
Ezilib- ezilib yog’adi yomg’ir,
Yosh to’kar go’yoki yuragim beun.
Ona, bu gaplarni aytmog’im og’ir,
G’am cho’kkan ko’zingiz sog’indim bugun.

So’qmoqdan ketyapman,
Usti boshim ho’l.
Ammo, ko’ksim kuyar, armonlar tugun.
Yupanchim yo’q, ona, o’zingdan boshqa,
Malham so’zlaringiz sog’indim bugun.

Azoblar bisyordir,
Yo’qdir boshpana.
Boshimni hech yoqqa burolmay qoldim.
Bu g’amgin boshimni ohista silab,
Erkalab suyushingiz yana sog’indim.

Men yurgan bu yo’llar
To’g’rimi egri?!
Bilolmay arosat yo’lida qoldim.
O’sha olis qishloq, o’sha tor kulba,
Bu oqshom barisin yodimga oldim.

Men bugun olisda,
Sendan yiroqda.
Diydoring ko’rmoqqa sira yo’q imkon.
Jonsiz qalbim ichra uchqun miltirar,
Kelajak shamidan go’yo bir nishon.

Men uchun qo’llaring duoga ochib,
Tilaysan doimo saodatimni.
Men esa...
Men esa yolg’on maqtovga uchib,
Qizg’anibman sendan hatto vaqtimni.

Ayting  ona,
Qilgan gunohim,
Qanday yuvsam orom olar jon?!
Mening chekkan har bitta ohim,
Sizga ayon doim onajon!

Kechir, ona,
Holing so’rmoqqa,
Bir nafas ham bo’lmabdi imkon.
O’zgalarni o’ylabman, faqat
Men telbangni kechir, onajon!


              
                            Iztirob

                   O, muhabbat! Xayrli gunoh!
                   Sen tufayli aybdorman men.
                   Tosh ko’changga qaydan kirdim, voh!
                   Oyoqlarim qayirib oldim.

                   Sen sababli- tutqun yuragim,
                   So’zlarimga bo’ysunmay qo’ydi.
                   Bo’lmay qoldi mening keragim,
                   Menga aytmay lovullab, kuydi.

                   Kelib-kelib bir bevafoga,
                   Asir qildi butkul o’zini.
                   U yolg’onchi qoldirib ketgach,
                   Yopib oldi alvon yuzini.
        
                   “So’zla!”- desam, sukut saqlar u,
                   Kulgi payti diydasida yosh!
                   Lek, bu kunlar o’tib ketar-u,
                   U bo’lmasmi misli xarsangtosh?!

                   O, muhabbat! Makring tufayli
                   Ayrildim-ku, bugun yurakdan!
                   Boshqa azob qo’llagin, mayli,
                   Lek, ayirma unga kerakdan.

                   Ko’p qiynama, uni muhabbat,
                   U qayg’uga berolmas bardosh.
                   Neki bo’lsa menga ber, faqat,
                   Chunki qalbim hali juda yosh!

                   Hali menga juda ham  kerak,
                   U ham balki, izlaydi meni?!
                   Sening sozing  mana shu yurak,
                   Shu soz bilan madh etay seni!

Комментариев нет:

Отправить комментарий